International Center for Molecular Allergology
Мolekulyar allergologiya va aerobiologiya sohasida ilmiy-diagnostik, ta’lim va ishlab chiqarishga oid innovatsiyalarni rivojlantirish, allergik kasalliklarni diagnostika qilish va davolashning molekulyar va boshqa ilg‘or usullarini tatbiq qilish hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 25-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Xalqaro molekulyar allergologiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”865-son Qaroriga muvofiq Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tashkil etildi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-200-son qarorining 4-ilovasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tashkiliy tuzilmasiga kiritildi.
Innovatsion rivojlanish agentligi huzuridagi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi (keyingi o‘rinlarda-Markaz) allergik kasalliklarning molekulyar darajadagi tadqiqotlari va davolashning innovatsion usullarini rivojlantirishga, shuningdek, o’simlik gulchangi va zamburug’ sporalarining tarqalishi, ularning atrof-muhit omillaridan o’zgarishi hamda inson salomatligiga ta’sirini o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot ishlarini bajaradigan davlat muassasasidir.
Markazda bajariladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini amaliy yoʻnaltirish va natijadorligini kuchaytirish, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, Agentlikning topshiriqlarini oʻz vaqtida bajarilishini taʻminlash, shuningdek, Markaz Ustavida koʻrsatilgan vazifalarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, foyda olish Markaz faoliyatining maqsadi hisoblanadi. Markaz o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Immunologiya va inson genomikasi instituti va boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.
Hozirda Markaz xalqaro standartlarga javob beradigan ilg‘or texnologiyalar asosida diagnostika va davolash xizmatlarini taqdim etadi.
Markazning vazifalari
ultrazamonaviy biologik mikrochiplarni qo‘llash orqali allergik kasalliklarni diagnostika qilish sohasida innovatsion texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, shu kabi kasalliklarni davolash va profilaktika qilish;
allergik kasallik haqida jamlangan ma’lumotlar, allergen turlari, shuningdek, shoshilinch holatlarni rivojlanish riski to‘g‘risidagi boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi «allergik pasport» yaratish;
allergen o‘simliklar gulchangining aerobiologik monitoringini va changlatish prognozini aniqlash, kelgusida bu haqida aholini xabardor qilish, allergenli o‘simliklarning gullash taqvimini yaratish;
oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alashni anafilaktik reaksiya rivojlanish xavfi mavjudligini inobatga olgan holda jahon standartlariga moslashtirish va ularni oziq-ovqat sanoatiga bosqichma-bosqich joriy etish;
molekulyar allergologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilishini tashkil etish va tadqiqotlarni amalga oshirilishida ko‘maklashish;
molekulyar allergologiya bo‘yicha vrachlar malakasini oshirish o‘quv dasturlarini va uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish;
molekulyar allergologiya sohasida mutaxassislarni shartnoma asosida malakasini oshirish va qayta tayyorlash;
molekulyar allergologiya sohasida faoliyat yuritayotgan yosh olimlar va xorijlik ekspertlarni hamkorlikka jalb qilish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
xalqaro ilmiy-texnikaviy hamkorlik shakllarini rivojlantirishda ishtirok etish, jumladan, molekulyar allergologiyani rivojlantirish uchun jamg‘armalar va xalqaro dasturlar grantlarini jalb qilish orqali xorijlik hamkorlar bilan birgalikda ilmiy-texnikaviy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish.